Kuala-Lumpurda O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi
Dekabr 25, 2025. 10:04 • 2 daq
• 218KUALA-LUMPUR, 25-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida mamlakatimiz ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Malayziyaning “Bumitra” sayyohlik kompaniyalari uyushmasi rahbariyati, shuningdek, mahalliy turoperatorlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berdi. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand viloyatida musulmon mamlakatlaridan tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi Imom al-Buxoriy majmuasi qurilishi keng ko‘lamda olib borilayotgani qayd etildi.
Muloqot davomida xorijiy sayyohlarni faol jalb qilish maqsadida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun O‘zbekistonda vizasiz rejim joriy etilgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Toshkent, Kuala-Lumpur va Langkavi oroli o‘rtasida sayohat qulayligini oshirish maqsadida “Uzbekistan Airways”, “Batik Air” va “Air Asia” aviakompaniyalari tomonidan haftasiga 8 martagacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi. Ushbu reyslar Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga, shu jumladan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Ishtirokchilarga respublika turkompaniyalari tomonidan taqdim etilayotgan sayyohlik xizmatlari, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va poytaxtimizning turizm dasturlari, ziyorat turizmi, qishki turizm, gastronomik turizm, “Umra plyus” kabi turpaketlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ikki mamlakat turoperatorlarining B2B shaklidagi uchrashuvlari doirasida ziyorat turizm, qishki turizm va boshqa turdagi turpaketlarni Malayziya bozorida keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



