Islom olami uchun MWL elektron platformasi ishga tushirildi
Dekabr 03, 2025. 11:28 • 4 daq
• 162TOSHKENT, 3-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonlik bir guruh olimlar Turkiya va Saudiya Arabistonida bo‘lib, bir qator nufuzli anjuman, ko‘rgazma va taqdimotlarda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Safarning markaziy voqeasi – Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiya Milliy saroylar boshqarmasining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘ldi. Unda 37 ta mamlakatdan 50 nafardan ortiq maʼruzachi va 300 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashib, muzey ishi va madaniy merosni asrash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbir ochilishda Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning videomurojaati namoyish etildi. Vitse-prezident Jevdet Yilmaz, Milliy saroylar direktori Yasin Yildiz va boshqa rasmiylar ishtirokchilarni qutladi. 1925-yilda Mustafo Kamol Otaturk tashabbusi bilan Usmoniylar imperiyasi saroylari davlat ixtiyoriga o‘tkazilgani Milliy saroylar tizimining shakllanishiga asos bo‘lgani taʼkidlandi.
Mazkur simpoziumda O‘zbekistondan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, “O‘zArxiv” Milliy agentligi direktori o‘rinbosari Sherzod Sodiqov, agentlik katta ilmiy xodimi Nasriddin Mirzayev singari o‘zbekistonlik olimlar mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Simpoziumda Islom sivilizatsiyasi Markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduholiqov nutq so‘zladi. U markazning missiyasi, muzey ekspozitsiyalari konsepsiyasi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yirik loyiha va ilmiy tadqiqotlar haqida so‘z yuritdi.
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan. Markazning asosiy maqsadi – islom maʼrifatini o‘rganish va ajdodlarimiz merosini xalqimizga hamda dunyo jamoatchiligiga yetkazishdan iborat. Markazda muzey ekspozitsiyalari zamonaviy talablar asosida shakllantirilgan, ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar bilan boyitilgan. Shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda markaz ekspozitsiyalari yaratilmoqda, muzeyda sunʼiy intellekt orqali buyuk ajdodlarimizning siymosi jonlantirilmoqda, – dedi Firdavs Abduxoliqov o‘z maʼruzasida.
Xalqaro anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida videorolik namoyish etildi. Rolikda markazning so‘nggi yillardagi rivojlanishi, ilmiy-tadqiqot va muzey ekspozitsiyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida keng maʼlumot berildi.
– O‘zbekistonda jahon tarixi va madaniyatini o‘rganish, milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova. Shu maʼnoda Turkiyaga bu galgi tashrifimiz juda esda qolarli va manfaatli bo‘ldi. Turkiya muzey va kutubxonalaridagi O‘zbekiston madaniy merosiga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishib, ikki xalq madaniyati, tarixi va taqdiri bir-biriga chambarchas bog‘liq ekaniga yana bir bor ishonch hosil qildik,
Safar doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqotlari markazi – IRSIKA rahbari Mahmud Erol Qilich bilan uchrashdi. U O‘zbekistonning islom madaniyati va merosini asrashda 57 mamlakat orasida yetakchi o‘rinda ekani, markaz esa Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik megaloyiha sifatida butun Islom olami uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. IRSIKA tomonidan O‘zbekistondagi maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar haqida maxsus kitob-albom tayyorlanayotgani ham maʼlum qilindi. Unda so‘nggi yillardagi tub o‘zgarishlar, qo‘shma tadbirlar va kelgusi loyihalar aks ettiriladi.
Tashrifning muhim qismi sifatida delegatsiya Sulaymoniya kutubxonasidagi nodir qo‘lyozmalar fondi bilan tanishdi. Turkiya Qo‘lyozma asarlar boshqarmasi raisi Jo‘shqin Yilmazning aytishicha, bu yerda 200 mingdan ortiq qo‘lyozma zamonaviy shart-sharoitlarda saqlanadi, ularning katta qismi O‘zbekiston tarixiy merosi bilan bog‘liq. O‘zbek va turk mutaxassislari qo‘lyozmalarni o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha uzoq yillardan beri samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Turkiyada amalga oshirilgan tadbirlardan so‘ng, Markaz direktori Firdavs Abduholiqov Saudiya Arabistonining Makka shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Safar Butunjahon islom ligasi (Muslim World League) Bosh kotibi taklifiga binoan amalga oshirildi.
Makkada Markaz rahbari Uyushma tomonidan ishga tushirilgan yangi MWL elektron platformasining taqdimotida ishtirok etdi. Platforma islomiy merosni raqamlashtirish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish va islom sivilizatsiyasiga oid manba va tadqiqotlarni global auditoriyaga yetkazishni maqsad qiladi. Taqdimotda ko‘plab xalqaro ilmiy va diniy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, Firdavs Abduholiqov Butunjahon islom olami uyushmasi Bosh kotibi Abdulkarim al-Issa bilan uchrashdi. Muzokara chog‘ida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Uyushma o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, qo‘shma tadqiqotlar, manbalarni raqamlashtirish, xalqaro konferensiyalar va ko‘rgazmalar uyushtirish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Turkiya va Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan tadbirlar Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirdi. Istanbuldagi uchrashuvlar ilmiy-amaliy hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma loyihalar va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini yaratgan bo‘lsa, Makkada MWL elektron platformasining ishga tushirilishi islomiy merosni raqamlashtirish va global ilmiy integratsiya yo‘nalishida yangi bosqichni belgiladi. Har ikki tashrif ham O‘zbekistonning maʼrifiy diplomatiyasi, ilmiy hamkorlik va islom sivilizatsiyasi merosini jahonga yetkazish borasida strategik qadamlarni mustahkamladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Doha forumi doirasida Termiz muloqotining strategik ahamiyati taqdim etildi
Nukus va Samarqand YUNESKOning Global taʼlim shaharlari tarmog‘iga qo‘shildi





