Logo

2027-yilda O‘zbekistonda halol mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilishi mumkin

Mart 24, 2026. 09:43 • 2 daq

193
2027-yilda O‘zbekistonda halol mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilishi mumkin

KUALA-LUMPUR, 24-mart. /“Dunyo” AA/.O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE) bosh direktori Abu Bakar Yusuf bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini yana-da oshirish uchun yangi Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

Korporatsiya rahbari jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat tufayli Markaziy Osiyo mamlakat tashqi bozorini diversifikatsiya qilishda ustuvor yo‘nalish sifatida qaralayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda O‘zbekistonning strategik imkoniyatlarini yuqori baholab, mamlakatimizga mintaqaviy xab sifatida qarashini bildirdi.

Mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarini xorijda keng targ‘ib qilish maqsadida 2026-yil sentyabr oyida Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadigan Halol mahsulotlar xalqaro ko‘rgazmasi (MIHAS) doirasida O‘zbekiston milliy pavilyonini yuqori darajada tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Malayziya tomoni O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik halol iste’mol bozoriga ega ekanini inobatga olib, kelgusi yilda Toshkentda “MIHAS” xalqaro ko‘rgazmasini o‘tkazish imkoniyatini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.

Joriy yilda “MATRADE” boshchiligida Malayziya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga ko‘p tarmoqli savdo va investitsiya missiyalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar ushbu tadbirlar ikki tomonlama savdo hajmini kengaytirish va Malayziya kompaniyalarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy ishtirokini mustahkamlash uchun strategik platforma bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish