O‘zbekiston va Norvegiya chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda
Mart 22, 2026. 13:00 • 2 daq
• 181
OSLO, 22-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi vakillari Norvegiyaning “TOMRA Systems ASA” kompaniyasi vitse-prezidenti Tomas Morgenshtern bilan onlayn muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Kompaniya O‘zbekiston Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga qiziqish bildirdi.
Muloqot davomida ekologik tashabbuslarni amalga oshirish uchun Norvegiya grantlarini jalb qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar “TOMRA” rahbariyatining 2026-yil iyun oyida poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi va O‘zbekiston vakillarining Norvegiyaga tashrifi bo‘yicha kelishib oldi.
“TOMRA Systems ASA” kompaniyasi 1972-yilda tashkil etilgan bo‘lib, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish bo‘yicha jahon bozorida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi