Logo

Xitoyning Shansi provinsiyasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Mart 22, 2026. 13:45 • 2 daq

158
Xitoyning Shansi provinsiyasi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

PEKIN, 22-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Xitoyning Shansi provinsiyasi Tijorat departamenti va yirik kompaniyalari vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda Shansi provinsiyasining yirik “Shanxi Construction Investment”, “Shanxi Heavy Machinery Group”, “Shanxi Huayuan International Land Port Group”, “China Railway Third Bureau Group” va “Shennong Technology Group” kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Xitoy kompaniyalari bilan O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi dasturi, mamlakatimiz ishbilarmon doiralari bilan hamkorlik aloqalari va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Tashrif dasturiga ko‘ra, Shansi provinsiyasi delegatsiyasining mamlakatimizning Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlariga tashriflari rejalashtirilgan.

Kompaniyalarga O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoni, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, erkin iqtisodiy va sanoat zonalar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Shansi provinsiyasi Xitoyning shimolida joylashgan bo‘lib, rivojlangan konchilik, og‘ir sanoat, energetika va metallurgiya sohalariga ega. Provinsiya Xitoyda ko‘mir zaxiralari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi, shuningdek, bu yerda boksit, titan, vanadiy, kobalt, mis, metan va gazning yirik konlari mavjud. Shansi kartoshka, makkajo‘xori va bug‘doy yetishtirish bo‘yicha mamlakatda yetakchi provinsiya hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish