“London Post”: O‘zbekistonda Navruz bayrami madaniy xilma-xillik va uyg‘unlik ramziga aylandi
May 06, 2026. 09:25 • 2 daq
• 131
LONDON, 6-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “London Post” yangiliklar portalida “O‘zbekiston: madaniyatlar mozaikasi va yoshlik ohangi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqola muallifi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan festivaldan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan. Uning yozishicha, tadbir 20 dan ortiq millat vakillarini birlashtirgan keng ko‘lamli madaniy bayramga aylangan.
Festival muhiti, milliy pavilyonlar, urf-odatlar va talabalar chiqishlari, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi turli xalqlarning madaniy merosi namoyishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Tadbir ishtirokchilari xalq hunarmandchiligi namunalarini, anʼanaviy taomlarni, sahnalashtirilgan ko‘rinishlarni va musiqiy chiqishlarni taqdim etgani qayd etilgan.
Maqolada Yevropa elchilaridan birining tadbir rasmiy diplomatik marosimdan ko‘ra ko‘proq “oilaviy davradagi uchrashuv”ni eslatgani haqidagi so‘zlari ham keltiriladi.
“Festival millatlararo totuvlik, madaniy uyg‘unlik va anʼanalarga hurmat ramziga, qolaversa, ijtimoiy aloqalar va qadriyatlarni mustahkamlaydigan universitetning muhim yillik anʼanasiga aylandi”, deya xulosa qiladi “London Post” nashri.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi