Logo

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Pokiston va Xitoyning mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

Aprel 02, 2026. 21:10 • 2 daq

126
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Pokiston va Xitoyning mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

TOSHKENT, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri, senator Muhammad Isʼhoq Dar bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri, senator Muhammad Isʼhoq Dar janoblari bilan telefon orqali muloqot qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Pokistonning Yaqin Sharqdagi mojaroni yumshatish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholaymiz. Xususan, mazkur hudud qarama-qarshilik maydoniga aylanib qolmasligi lozimligini qayd etdik.

Islomobod va Pekin tomonidan birgalikda ilgari surilgan mintaqaviy tinchlik va barqarorlik yo‘lidagi besh banddan iborat tashabbusni, shuningdek, muloqot va diplomatik sheriklikning ustuvorligini taʼkidlovchi umumiy pozitsiyalarini olqishladik.

Pokiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik, keskinlikni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan saʼy-harakatlarni ijobiy baholab, masalalarni diplomatik yo‘llar orqali hal etish bo‘yicha muloqotni davom ettirish muhimligini taʼkidladik”.

“Sinxua” AA xabariga ko‘ra, Pokiston va Xitoy birgalikda Fors ko‘rfazi mintaqasi va Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni tiklash bo‘yicha beshta taklifni ilgari surgan. Takliflar harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinchlik muzokaralarini boshlash, harbiy bo‘lmagan obyektlar va kemalar qatnovi xavfsizligini taʼminlash hamda BMT Nizomining ustuvorligini himoya qilishni o‘z ichiga oladi.

“Dunyo” AA arxividan olingan surat

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish