Logo

O'zbekistonning yangi tayinlangan bosh konsuli Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Jidda shahridagi bo'limida uchrashuv o'tkazdi

Mart 21, 2025. 11:38 • 2 daq

535
O'zbekistonning yangi tayinlangan bosh konsuli Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Jidda shahridagi bo'limida uchrashuv o'tkazdi

JIDDA, 21-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Jiddadagi yangi tayinlangan bosh konsuli Sirojiddin Shamsutdinov Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi Jidda bo'limi bosh direktorining birinchi o'rinbosari Ahmad Muhammad Qutb bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi aloqalarning bugungi holati va istiqbollari xususida fikr almashildi.

Ahmad Muhammad Qutb O'zbekiston va Saudiya Arabistoni rahbarlari o'rtasida o'rnatilgan yaqin do'stona va ishonchli munosabatlar tufayli mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarilganini, barcha sohalarda yaqin sheriklik faollashib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Shu yil 7-mart kuni Jidda shahrida bo'lib o'tgan IHTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari yig'ilishida O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning ishtiroki yuqori baholandi.

O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli yangilanishlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma'rifiy va diniy sohalardagi islohotlar haqida so'zlab berildi.

Saudiya tomoni yangi tayinlangan bosh konsulga ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va konsullik-huquqiy sohalarda o'zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash borasidagi faoliyatiga har tomonlama amaliy ko'mak ko'rsatishga tayyorligini bildirdi.

Sirojiddin Shamsutdinov shu kunga qadar O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligida ishlagan. Diplomat 2017-2021-yillarda ham O'zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsuli vazifasida faoliyat olib borgan. U Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tamomlagan. Arab va ingliz tillarida mukammal so'zlashadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish