Logo

UNWTOning 50-yillik tarixida tashkilotni ilk bor ayol kishi boshqaradi

Noyabr 10, 2025. 20:16 • 59 soniya

127
UNWTOning 50-yillik tarixida tashkilotni ilk bor ayol kishi boshqaradi

AR-RIYOZ, 10-noyabr. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistoni poytaxtida boʻlib oʻtgan "BMT Turizm" tuzilmasining Bosh assambleyasi 26-sessiyasida Butunjahon turizm tashkilotning bosh kotibi lavozimiga BAAlik Shayxa Nasser al Novais nomzodi tasdiqlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nasser al Novais Butunjahon turizm tashkiloti – UNWTOning 50-yillik tarixida tashkilotni boshqaradigan birinchi ayol va BAAning birinchi vakili boʻldi. Uning toʻrt yillik mandati 2026-yil 1-yanvardan boshlanib, 2029-yil 31-dekabrgacha davom etadi. U bu lavozimda 2018-yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelgan Zurab Pololikashvilining oʻrnini egallaydi.

Yangi bosh kotib turizm va mehmonxona biznesida 15-yildan ortiq tajribaga ega. U "Rotana Hotels" xalqaro mehmonxonalar guruhi vitse-prezidenti, Abu-Dabi Savdo palatasining turizm boʻyicha ishchi guruhi rahbari, Abu-Dabi tadbirkor ayollar kengashi va Shveysariyaning "Les Roches Global Hospitality Education" mehmonxona akademiyasi kuzatuv kengashi a'zosi hisoblanadi.

"Bu gʻalaba – barchamizniki! Muvaffaqiyatlarimiz zamirida oʻzaro hurmat, insonparvarlik va turizm sohasiga mas'uliyat mujassam. Biz hamkorlikda turizmning eng yaxshi shakllarini ishlab chiqib, insoniyatni birlashtirishga harakat qilamiz", – deydi yangi bosh kotib.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Shayxa Nasser al Novais nomzodining saylanishi mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratib, Osiyo, Afrika va Markaziy Osiyoda barqaror turizmni rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish