Orbanning partiyasi saylovda yutqazdi, Vengriyada bosh vazir o‘zgarmoqda
Aprel 13, 2026. 10:37 • 2 daq
• 179
BUDAPESHT, 13-aprel. /“Dunyo” AA/. Peter Madyar boshchiligidagi muxolifatchi “Tisa” partiyasi Vengriyadagi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Milliy saylov byurosining so‘nggi maʼlumotlariga tayanib.
Maʼlumotlarga ko‘ra, “Tisa” parlamentda 138 o‘rin, amaldagi bosh vazir Viktor Orbanning “Fides” partiyasi va u bilan ittifoqdosh Xristian-demokratik xalq partiyasi (KDNP) 55 o‘rin olgan. “Mi Hazank” (“Bizning Vatan”) o‘ta o‘ng harakati esa 6 ta o‘rin olishga erishgan.
Shunday qilib, “Tisa” hozirda parlamentdagi o‘rinlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ini, yaʼni konstitutsiyaviy ko‘pchilikni qo‘lga kiritmoqda. Partiya rahbari Peter Madyarning aytishicha, Viktor Orban uni rekord darajadagi saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklagan.
45 yoshli Peter Madyarning so‘zlariga ko‘ra, u korrupsiyaga qarshi qattiq kurash olib borish, “tizimli o‘zgarishlar” o‘tkazish, shuningdek, yangi konstitutsiyani taqdim etish niyatida. Bundan tashqari, siyosatchi Vengriyaning Rossiyadan uzoqlashishi va Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatning NATOning ishonchli ittifoqchisi sifatida qaytishi tarafdori.
Bosh vazir Viktor Orbanning o‘zi Vengriya poytaxtida o‘z partiyasi tarafdorlari oldida nutq so‘zladi. U o‘z partiyasi uchun saylovning dastlabki natijalarini “aniq” va “og‘riqli” deb atadi.
“G‘olib partiyani tabrikladim. Biz muxolifatda ham venger xalqi va vatanimizga xizmat qilamiz”, – dedi 2010 yildan beri hokimiyat tepasida turgan amaldagi bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, AQSh maʼmuriyati saylovoldi kampaniyasining so‘nggi bosqichida ham Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatlagan edi. Saylovdan oldin AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Budapeshtga keldi. Prezident Donald Trampning o‘zi esa, agar bosh vazir Viktor Orban va venger xalqiga kerak bo‘lsa, Vengriyani iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga vaʼda bergan edi.
Vengriyadagi saylov natijalari maʼlum bo‘lgach, bir qator Yevropa yetakchilari bayonot berdi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen X da “Vengriya Yevropani tanlaganini” taʼkidlagan.
“Yevropa doim Vengriyani tanlagan. Birgalikda kuchliroqmiz. Mamlakat Yevropa yo‘liga qaytmoqda. Ittifoq kuchayib bormoqda”, – deb yozgan u.
Peter Madyarning “Facebook”dagi sahifasidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi