Logo

Islomobodda amalga oshirilayotgan “Capital Smart City” hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘ini barpo etish masalalari muhokama qilindi

Dekabr 07, 2025. 11:34 • 2 daq

182
Islomobodda amalga oshirilayotgan “Capital Smart City” hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘ini barpo etish masalalari muhokama qilindi
Islomobodda amalga oshirilayotgan “Capital Smart City” hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘ini barpo etish masalalari muhokama qilindi
Islomobodda amalga oshirilayotgan “Capital Smart City” hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘ini barpo etish masalalari muhokama qilindi

TOSHKENT, 7-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Habib Rafiq Pvt. Ltd” kompaniyasi bosh menejeri Aslam Malik bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida ushbu kompaniya bilan hamkorlik istiqbollari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.

Elchi Alisher To‘xtayev O‘zbekiston investitsiya muhitining asosiy elementlari, mavjud Erkin iqtisodiy zonalar, mamlakatimiz hududlarida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston massivlari, Yangi Toshkent shahri loyihasi haqida batafsil so‘zlab berdi. Xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlar, soliq va bojxona qulayliklari, imtiyozli moliyalashtirishning moslashuvchan siyosati, infratuzilmadan foydalanish imkoniyati, hukumat darajasidagi loyihalarni maʼmuriy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizning Yevroosiyo transport yo‘nalishlari va qulay geografik joylashuvi to‘g‘risida taʼkidlandi.

O‘z navbatida, Aslam Malik O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xorijiy investorlar uchun, xususan qurilish va infratuzilma sohalarida, juda qulay sharoit yaratayotganini taʼkidladi. Uning aytishicha, mamlakatda biznes yuritish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, maʼmuriy tartib-taomillarning soddalashtirilishi, tadbirkorlar uchun kafolat va imtiyozlarning kengaytirilishi amaliy jihatdan o‘z samarasini bermoqda.

– O‘zbekistonda qurilish sohasidagi o‘zgarishlardan yaxshi xabardormiz. So‘nggi yillarda O‘zbekiston infratuzilmani rivojlantirish, aholini qulay uy-joylar bilan taʼminlash, yangi shaharlarni barpo etish sohasida katta tajriba to‘pladi, – dedi “Habib Rafiq Pvt. Ltd” bosh menejeri. – O‘zbekistonning shaharsozlik bo‘yicha tajribasini o‘rganish va loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdormiz. Shuningdek, O‘zbekiston qurilish kompaniyalarini Pokistondagi loyihalarga ishtirok etishga taklif qilamiz.

Pokiston vakili Islomobod shahri yaqinida 2,8 ming gektar maydonda amalga oshirilayotgan “Capital Smart City” yirik developerlik loyihasi bilan tanishtirdi. Qayd etilishicha, hududda turar-joy binolari, maktab, bog‘cha, sport inshootlari, zamonaviy dam olish va ko‘ngilochar bog‘lar qurilib foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, AQSHdagi Silikon vodiysi muqobili bo‘lgan texnologik shaharcha “Silicon Village” qurilishi davom etayapti.

 “Habib Rafiq Pvt. Ltd” kompaniyasi bosh menejeri, shuningdek, “Capital Smart City” loyihasi hududida “Yangi O‘zbekiston” massivi hamda “Yangi O‘zbekiston” bog‘ni barpo etish, mamlakatimiz hududlarida barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston massivlari hamda “Yangi Toshkent” shahridagi loyihalarda ishtirok etish, kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga safarini amalga oshirish, O‘zbekistondagi yirik qurilish kompaniyalarining Pokistondagi, xususan, “Capital Smart City” loyihasida ishtirokini tashkil etish va boshqa takliflarni bildirdi.

“Capital Smart City” hududida barpo etilayotgan “Silicon Village” bosh direktori Abid Kabir Chima O‘zbekistondagi texnoparklar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishga yuqori qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning tegishli idoralari va salohiyatli investorlari bilan kelishilgan holda muhokama qilingan yo‘nalishlar va loyihalarni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish, kompaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga ishchi safarini tashkil etish va hamkorlar bilan muzokaralar uyushtirish to‘g‘risida kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish