O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi nutqi
Fevral 19, 2026. 22:30 • 2 daq
• 109
(2026-yil 19-fevral, Vashington sh.)
Muhtaram Donald Tramp Janobi Oliylari!
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Avvalambor, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp Janobi Oliylariga Tinchlik Kengashining inauguratsiya majlisini chaqirgani uchun chin dildan minnatdorchilik izhor etaman.
Hech shubhasiz, bugungi sammit bu Prezident Trampning siyosiy irodasi va pragmatizmi natijasidir.
O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish bo‘yicha tinchliksevar tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi borasida o‘zining amaliy ishtirokini qatʼiy bayon etdi.
Ishonchim komil, Kengash ishi G‘azo mintaqasini iqtisodiy va ijtimoiy qayta tiklash uchun qulay sharoit yaratishga imkon beradi.
Shu bilan birga, G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim.
Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari G‘azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Taʼkidlab aytamanki, O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor.
Hurmatli do‘stlar!
Ushbu sammit Donald Tramp nomidagi Tinchlik institutida o‘tkazilayotganida ramziy maʼno mujassam.
Bizning uchrashuvimiz xalqaro birdamlik, tinchliksevarlik va Yaqin Sharqdagi vaziyatni yaxshilashga bo‘lgan umumiy intilishimizning yorqin ifodasidir.
Biz Yangi G‘azoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega bo‘lgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur.
Eʼtiboringiz uchun rahmat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
