Logo

Kuala-Lumpurda Farg‘ona to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

Fevral 02, 2026. 08:10 • 50 soniya

86
Kuala-Lumpurda Farg‘ona to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

KUALA-LUMPUR, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Kuala-Lumpur shahrida Farg‘ona viloyati delegatsiyasi va Malayziya to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilari uyushmasi (MTMA) rahbariyati ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Farg‘ona viloyatining to‘qimachilik salohiyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va eksport imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Malayziyalik tadbirkorlar Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilayotgan ip-kalava va matolar, tayyor tikuvchilik mahsulotlari sifatini yuqori baholadi. Xususan, MTMA vakillari o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari nafaqat sifati, balki narxi bo‘yicha ham Malayziya bozorida boshqa davlatlar mahsulotlari bilan bemalol raqobatlasha olishini taʼkidladilar.

Farg‘ona viloyati rasmiylari malayziyalik hamkorlar uchun viloyatning yetakchi to‘qimachilik klasterlari va korxonalariga tashriflarni tashkil etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B uchrashuvlarini o‘tkazish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishini maʼlum qildi.

Muloqot yakunida Malayziya tomoni O‘zbekiston mahsulotlarini mahalliy bozorda, ayniqsa, tez rivojlanayotgan elektron tijorat platformalarida faol ilgari surish va sotishni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, uyushma aʼzolarining joriy yilda Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish