Dushanbeda o‘tkazilgan O‘zbekiston va Tojikiston rektorlarining III forumida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 20 dan ortiq kelishuv imzolandi
Mart 13, 2026. 17:52 • 2 daq
• 111
DUSHANBE, 13-mart. /“Dunyo” AA/. Bugun Tojikiston davlat pedagogika universiteti binosida III O‘zbekiston-Tojikiston rektorlar forumi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirning kirish qismida Tojikiston ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda, O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, O‘zbekistonning Dushanbedagi elchisi Ergash Shaismatov va bir qator rektorlar so‘zga chiqib, ikki mamlakat o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan ittifoqchilik aloqalari hamda ta’lim sohasidagi hamkorliklar haqida gapirdilar.
Forumda ikki mamlakatning 70 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 20 dan ortiq hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Bundan tashqari, ikki davlat ta’lim vazirlarining ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni jadallashtirish, xorijiy talabalarning ta’lim olish sharoitlarini yaxshilash, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihani ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Qo‘ng‘irotboy Sharipov Rahim Saidzodaga 13-14-aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari kongressiga rasmiy taklifnoma topshirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi