“Seoul City”: Faol va muvozanatli tashqi siyosat O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotini taʼminlaydi
Yanvar 08, 2026. 15:58 • 2 daq
• 175
SEUL, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning yetakchi “Seoul City” nashrida O‘zbekiston Prezidentining parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Prezidenti parlament va xalqqa yo‘llagan murojaatida 2025-yakunlarini sarhisob qilib, mamlakatning kelgusida rivojlanishi uchun strategik ustuvor yo‘nalishlarni belgilab bergan.
O‘tgan yil jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik va murakkab xalqaro vaziyatga qaramasdan, islohotlarni izchil davom ettirish va O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeini mustahkamlash davri bo‘ldi. Shu maʼnoda, 2026-yilning O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani, davlat siyosatining insonlar hayot sifati va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga yanada chuqurroq yo‘naltirilishiga o‘tilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Prezident o‘z nutqida milliy iqtisodiyotni barqaror o‘sishda davom etayotganini taʼkidladi. 2025-yil muhim natijalar bilan yakunlandi. Ilk bor mamlakat yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi, eksport 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetdi. Valyuta va oltin zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi. 43,1 milliard dollarlik investitsiyalar oqimi sanoat, energetika va infratuzilma sohalarida o‘nlab yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.
Ushbu makroiqtisodiy natijalar ijtimoiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar bilan birga kechgani alohida taʼkidlandi. Faol ish bilan bandlik siyosati tufayli ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi, besh millionga yaqin kishi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Bu natijalar iqtisodiy barqarorlikni oshirish va ijtimoiy rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan izchil islohotlar natijasi bo‘ldi. Iqtisodiy yutuqlar davlatning ijtimoiy muammolarni hal qilish va aholini qo‘llab-quvvatlashning uzoq muddatli dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirdi. Prezident ijtimoiy siyosat fuqarolarning aniq ehtiyojlariga yanada sezgir bo‘lib borayotgani, bu esa bugungi islohotlar dasturining asosiy yutug‘i ekanini taʼkidladi.
Murojaatnomada O‘zbekistonning pragmatik, ochiq va uzoq muddatli milliy manfaatlarga yo‘naltirilgan tashqi siyosiy yo‘liga alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz faol va muvozanatli tashqi siyosat O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlashning asosiy omili bo‘lib qolayotganini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi