Ashxobodda xalqaro matematika olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar 16 ta medalga sazovor bo‘ldi
Aprel 14, 2026. 19:30 • 2 daq
• 284
ASHXOBOD, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkmaniston poytaxtida o‘tkazilgan III xalqaro matematika olimpiadasida 180 nafardan ortiq yosh matematiklar ishtirok etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Intellektual bellashuvlar Ashxobod shahridagi 135-ixtisoslashtirilgan o‘rta maktabda bo‘lib o‘tdi. Olimpiadada 12 ta davlat – Rossiya, Xitoy, Eron, O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya va Turkmaniston vakillari qatnashdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, jamoa hisobida birinchi o‘rinni Turkmaniston yoshlari egalladi. O‘zbekiston terma jamoasi 16 ta medal – 2 ta oltin, 6 ta kumush va 8 ta bronza bilan ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rin Tojikiston jamoasiga nasib etdi.
Bellashuvlar “A” va “B” darajadagi ikki toifada tashkil etildi. Olimpiada aniq fanlar sohasida iqtidorli yoshlarni aniqlash bilan birga, taʼlim sohasida xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qildi.
Tadbirning yakuniy qismida Turkmaniston taʼlim muassasalari ijodiy jamoalari ishtirokida madaniy dastur ham namoyish etildi. Yosh sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan konsert dasturi ishtirokchi mamlakatlar madaniyatini aks ettirib, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamladi.
Olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi Maxtumquli nomidagi Turkmaniston davlat universitetida o‘tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi