Logo

Hindiston OAV «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi takomillashtirilayotgani haqida so‘z yuritdi

Yanvar 17, 2026. 09:00 • 2 daq

154
Hindiston OAV «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi takomillashtirilayotgani haqida so‘z yuritdi

DEHLI, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “Sarkaritel” va «Diplomacy India» axborot-tahliliy portallarida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning «“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nima uchun takomillashtirilmoqda?» sarlavhali mualliflik maqolasi chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada mamlakatimizning bosh strategik hujjatini takomillashtirish falsafasi, asosiy tamoyillari va amaliy mexanizmlari batafsil yoritilgan. Material O‘zbekistondagi islohotlar modeliga bo‘lgan xalqaro qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi hamda jahon auditoriyasiga «Yangi O‘zbekiston»ning maqsad va qadriyatlarini tushuntirishda samarali qadam hisoblanadi.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining qayta ko‘rib chiqilishi global iqtisodiyot, texnologiyalar va jamiyat kutuvlaridagi jadal o‘zgarishlarga javoban davlatning zarur va masʼuliyatli qadami sifatida taqdim etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad — yangi sharoitda davlat boshqaruvining dolzarbligi, moslashuvchanligi va samaradorligini taʼminlashdir.

Yangilangan hujjat asosiga O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan konsepsiya qo‘yilgan. Barcha islohotlar va siyosiy qarorlar aholining hayot sifatiga, ijtimoiy inklyuzivlikka va fuqarolar farovonligiga taʼsiri nuqtai nazaridan baholanadi.

Strategiya umumiy konsepsiyadan aniq parametrlarga ega bo‘lgan amaliy rejaga aylanmoqda. Har bir yo‘nalish bo‘yicha masʼul davlat organi belgilangan. Zarur moliyaviy resurslar aniqlanib, shaffoflikni taʼminlash va maʼlumotlar asosida qarorlar qabul qilish uchun to‘liq raqamlashtirilgan monitoring tizimi joriy etilgan.

Fuqarolar milliy islohotlar ularning kundalik hayotiga qanday taʼsir qilayotganini — xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yaxshilangani, iqtisodiy imkoniyatlar yaratilgani va kelajak avlodlar uchun istiqbollar kengayganini aniq his qilishlariga alohida urg‘u berilgan.

Taʼkidlanishicha, strategiyani yangilash jarayoni fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari va ekspertlar ishtirokidagi keng ko‘lamli jamoatchilik muhokamalari orqali amalga oshirilmoqda. Bu esa islohotlarning legitimligi va barqarorligini oshiradi.

Mazkur tahliliy maqolaning Hindiston media maydonida eʼlon qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu xalqaro ekspertlar va ishbilarmon doiralarga O‘zbekiston taraqqiyotining maqsad va tamoyillarini yetkazishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri va sifatli usulidir. Strategik rejalar va yondashuvlarni xalqaro maydonda muhokama qilishga tayyorlik O‘zbekistonning ochiq va ishonchli sherik sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.

Davlat boshqaruvi va diplomatiya masalalariga ixtisoslashgan nashrlarda eʼlon qilingan ushbu material ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va strategik muloqotni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Eldor Tulyakovning “Sarkaritel” va «Diplomacy India» portallaridagi maqolasi shunchaki axborot taqdim qilish emas, balki O‘zbekiston taraqqiyotining yangilangan falsafasini dunyoga aniq va professional tarzda taqdim etuvchi strategik kommunikatsiyadir.

Materialda «Yangi O‘zbekiston»ni barpo etish ruhiga mos keladigan amaliy, natijaga va insonga yo‘naltirilgan boshqaruv modeliga o‘tish alohida qayd etilgan. Bu kabi tashabbuslar xalqaro maydonda mamlakatimizning xolis va ijobiy qiyofasini shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shadi.


https://diplomacyindia.com/uzbekistan-2030-why-the-national-development-strategy-is-being-updated

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish