Logo

Pokiston OAV: Yangilanayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida avvalo inson omili turibdi

Yanvar 11, 2026. 12:25 • 2 daq

216
Pokiston OAV: Yangilanayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida avvalo inson omili turibdi

ISLOMOBOD, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News”, “News Network Pakistan” va “The Diplomatic Insight” kabi yetakchi nashrlarda yangilanayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlarda yozilishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoit, aholi ehtiyojlari hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Takomillashayotgan strategiyaning markazida davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan asosiy g‘oya – “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil turadi.

Yangi tahrirdagi strategiya ushbu g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitib, mamlakat rivojlanishini yanada samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishni ko‘zlaydi. Strategiyani takomillashtirish jarayonida uning doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar inobatga olinmoqda. Shu bilan birga, maqsadlarga erishishni aniq o‘lchash imkonini beruvchi samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Har bir aniq maqsad uchun masʼul davlat organi belgilanib, zarur moliyaviy manbalar ochiq ko‘rsatilishi strategiya ijrosida javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytiradi.

“Yana bir muhim jihat – strategiyaning har bir fuqaro uchun tushunarli va hayotiy bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shunday shakllantirilmoqdaki, har bir inson undan o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini ko‘ra olsin. Yaʼni strategiya umumiy shiorlar emas, balki kundalik hayotda seziladigan aniq o‘zgarishlar manbai bo‘lishi lozim”, deya taʼkidlangan maqolada.

Bundan tashqari, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan barcha strategik hujjatlarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bilan uyg‘unlashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu davlat siyosatining yaxlitligi va natijaviyligini taʼminlaydi. Eng muhim prinsipial jihatlardan biri – strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilishidir.

Loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, aholi, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari inobatga olinadi. Chunki faqat jamoatchilik fikrini o‘zida aks ettirgan hujjatgina hayotiy va samarali bo‘lishi mumkin.

Maqolalar “Ushbu strategiya avvalo O‘zbekiston xalqi farovonligiga xizmat qiladigan umummilliy taraqqiyot dasturi sifatida shakllantirilmoqda”, – degan so‘zlar bilan yakunlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish