Isroilda O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Dekabr 07, 2025. 13:41 • 2 daq
• 335
TEL-AVIV, 8-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimiz Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Isroildagi yurtdoshlar, jamoatchilik va diaspora vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Konstitutsiyamiz mustaqil davlatchilik asosi sifatida mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlashdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tdilar.
1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat taraqqiyoti, chegaralar daxlsizligini taʼminlash va davlatchilikni mustahkamlashning huquqiy asoslarini yaratgani taʼkidlandi.
2023-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan umumxalq Referendumi natijasida Konstitutsiyamiz zamon talablariga mos ravishda tubdan takomillashtirildi va 6 bo‘lim, 26 bob, 154 moddadan iborat yangi tahrirda qabul qilindi. Uning markazida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish tamoyillari mujassamligi ishtirokchilarga yetkazildi.
Muloqot davomida yurtdoshlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar va yangi imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot oldi. Vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, madaniy va maʼrifiy aloqalarni kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, 2026-yil 15-yanvar – 26-fevral kunlari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish va qishloq xo‘jaligi sohasida ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari haqida maʼlumot berildi.
Mazkur jarayon fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, davlat siyosatining shaffofligi, mamlakatning demografik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi to‘g‘risida xolis maʼlumotlarni olishni mustahkamlovchi Konstitutsiyamiz normalari bilan bevosita bog‘liqligi qayd etildi.
Tadbir Isroildagi vatandoshlar va jamoatchilik vakillari birlashtirgan maydonga aylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi