Turkiya tahliliy markazi portalida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tahlil qilindi
May 04, 2026. 11:55 • 2 daq
• 188
ANKARA, 8-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Tarihistan” tahliliy markazi portalida o‘zbekistonlik tahlilchi Musulmon Ziyoning “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi: tashqi siyosatda ochiqlik, ishonch va hamkorlik tamoyillari” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada taʼkidlanishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi O‘zbekistonning xalqaro tizimdagi rolini mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va global masalalarda faol pozitsiyani shakllantirishga qaratilgan. Uning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot hududiga aylantirishdan iborat.
Ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va ko‘p vektorlilik tashqi siyosatning asosiy tamoyillari sifatida belgilangan. Bu mamlakatning turli geosiyosiy markazlar bilan muvozanatli munosabatlar o‘rnatishga intilishini ifodalaydi. Shuningdek, mintaqa davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Strategiyaga muvofiq, O‘zbekiston mintaqaviy integratsiya jarayonlarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bois suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transport-kommunikatsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, shuningdek, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan.
Umuman, yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat tashqi siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi keng qamrovli hujjat hisoblanadi. Unda O‘zbekistonning xalqaro mavqeini mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va global iqtisodiy tizimga integratsiyani kuchaytirish bo‘yicha muhim yondashuvlar ifodalangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi