Belgiya matbuoti Xivada o‘tkazilgan “Lazgi” festivalining jahon madaniy almashinuvidagi ahamiyatini qayd etdi
May 08, 2026. 09:55 • 3 daq
• 179BRYUSSEL, 8-may. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning nufuzli “Eureflect” va “Eurasiafocus” nashrlarida Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Derya Soysalning Xivada o‘tkazilgan III xalqaro “Lazgi” raqs festivaliga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi
Maqola muallifi shu yil 25–30-aprel kunlari Xivada bo‘lib o‘tgan “Lazgi” raqs festivalining o‘tkazilishi va uning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, ushbu tadbir anʼanalar va zamonaviy sanʼatni birlashtirgan muhim xalqaro madaniy platforma sifatida namoyon bo‘lganini taʼkidlagan.
Materialda yozilishicha, YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Xiva shahri yana bir bor xalqaro madaniy muloqot markaziga aylangan. Bu tarixiy maskanda III Xalqaro “Lazgi” raqs festivali yuqori saviyada o‘tkazilib, turli davlatlardan kelgan sanʼat namoyandalarini birlashtirdi.
Festival Xorazmning betakror va qadimiy raqsi — “Lazgi”ni targ‘ib qilish, milliy madaniy merosni asrab-avaylash hamda xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
2019-yilda “Xorazm Lazgisi” YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani ushbu sanʼat turining xalqaro ahamiyatini yana-da oshirdi. “Lazgi” nafaqat raqs, balki inson tuyg‘ulari, tabiat ohanglari va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan betakror madaniy ifodadir.
Ekspertning fikricha, “Lazgi” harakatlari orqali quvonch, muhabbat, ezgulik va hayotga muhabbat kabi tuyg‘ular aks etadi. Uning ildizlari Xorazm sivilizatsiyasiga borib taqaladi. Arxeologik yodgorliklar, xususan Tuproqqalʼada topilgan tasvirlar ham ushbu raqsning ko‘p asrlik tarixga ega ekanini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda “Lazgi” ikki asosiy shaklda ijro etiladi: obrazli va improvizatsiyali. Shu jihati bilan u ham milliy anʼanalarni saqlab qolmoqda, ham zamonaviy talqinlar bilan boyib bormoqda.
Nashrlarda taʼkidlanganidek, YUNESKO va TYURKSOY hamkorligida tashkil etilgan festival bu yil 30 davlatdan 300 dan ortiq ishtirokchini jamladi. Unda mashhur raqqoslar, sanʼatshunoslar, musiqashunoslar va madaniyat namoyandalari qatnashdi.
Raqs bayrami doirasida nafaqat konsert dasturlari, balki qator ilmiy va madaniy tadbirlar ham tashkil etildi. Jumladan, “Jahon madaniyati rivojida raqs sanʼati: anʼanalar va umuminsoniy qadriyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya, etnoforum hamda TYURKSOYga aʼzo davlatlar oliy taʼlim muassasalari rektorlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Festivalning asosiy voqealaridan biri xalqaro raqs tanlovi bo‘ldi. Unda 13 davlatdan 25 ta jamoa ishtirok etdi. Ishtirokchilarning chiqishlari texnika, badiiy mahorat va milliy anʼanalarni ifoda etish mezonlari asosida baholandi.
Tanlov yakunida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va Xitoy vakillari turli yo‘nalishlarda g‘olib deb topildi. Festival Gran-Prisi o‘zbekistonlik raqqosa Mohira Jovliyevaga nasib etdi.
Xalqaro tadbir davomida turli millat va madaniyatlarga mansub raqslar namoyish etildi. Bu esa sanʼatning chegara bilmas kuchini, xalqlarni birlashtiruvchi ahamiyatini yana bir bor isbotladi.
Xalqaro “Lazgi” festivali Xivaning xalqaro madaniy markaz sifatidagi nufuzini mustahkamlab, O‘zbekistonning boy madaniy merosini dunyoga keng targ‘ib qilishga xizmat qildi. Eng muhimi, ushbu festival milliy anʼanalarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

