“Hello Magyar”: O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda
May 07, 2026. 18:55 • 2 daq
• 214
BUDAPESHT, 7-may. /“Dunyo” AA/. Jahonda ro‘y berayotgan notinchliklarga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri Vengriyaning “Hello Magyar” onlayn nashriga tayanib.
O‘zbekiston Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov jahondagi beqaror iqtisodiy vaziyatga qaramasdan, 2026-yilning birinchi choragida mamlakat yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 8,7 foizni tashkil etganini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoat 8 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 16,1 foizga o‘sgan, inflyatsiya esa o‘tgan yilgi 10,6 foizdan 7,1 foizgacha pasaygan.
Shuningdek, 2026-yilda biznesni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi 140 trillion so‘mga yetkazilgan, iqtisodiyotga esa 13,7 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1,6 barobar ko‘pdir.
Ekspert mehnat unumdorligini oshirish, yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, jumladan, davlat aktivlarining bir qismini xalqaro bozorlarga olib chiqish ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolayotganini qayd etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi