Logo

Rossiya OAV Samarqanddagi OTB yig‘ilishini keng yoritdi

May 07, 2026. 19:23 • 3 daq

165
Rossiya OAV Samarqanddagi OTB yig‘ilishini keng yoritdi

MOSKVA, 8-may /“Dunyo” AA/. Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar Kengashining 59-yillik yig‘ilishi keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, “Sputnik news”da eʼlon qilingan maqolada  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda o‘tkazilgan OTB Boshqaruvchilar Kengashi yig‘ilishidagi nutqiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Maqolada 100 dan ortiq mamlakatdan 4 mingdan ziyod ekspertlar, hukumat vakillari, xalqaro moliyaviy tashkilotlar hamda yirik bank va kompaniyalar ishtirok etgani taʼkidlangan.

Prezident o‘z chiqishida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini batafsil bayon qilib, bu jarayonlarda OTB va boshqa xalqaro moliyaviy institutlarning o‘rni muhim ekanini alohida qayd etgan.

Shuningdek, u sunʼiy intellektni rivojlanayotgan mamlakatlarda keng joriy etish uchun OTB homiyligida maxsus dastur ishlab chiqishni taklif qilgan. O‘zbekiston “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilgani hamda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini Toshkentda ochish taklifini ilgari surgan.

Prezident, shuningdek, transport tizimlarini o‘zaro bog‘lash va logistika yo‘laklarini barqaror rivojlantirish muhim vazifa ekanini taʼkidlagan.

“Vzglyad” nashrida esa Samarqanddagi yig‘ilish ochilish marosimida Mirziyoyev “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusini ilgari surgani haqida yozilgan. Ushbu g‘oya mintaqadagi turizm yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda yagona turistik makon yaratishni ko‘zda tutadi.

Prezident fikricha, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda: vizalar yengillashtirilgan, xizmat sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Natijada so‘nggi 10 yilda turistlar soni 6 barobarga oshib, 12 millionga yetgan.

O‘zbekiston yetakchisi, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi hamda Samarqandda Imom Buxoriyga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasining qayta taʼmirlanishi xususida ham to‘xtalib o‘tgan.

“Ritm Yevrazii” nashrida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida maʼlumot keltirilgan. Uning umumiy qiymati 12,5 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Ushbu dastur doirasida infratuzilmani rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalari, ipoteka bozori, xususiy sektor, xotin-qizlar va yoshlar bandligi, kambag‘allikni qisqartirish, taʼlim, inson kapitali, raqamli texnologiyalar hamda maxsus iqtisodiy zonalarni modernizatsiya qilish kabi yo‘nalishlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Samarqanddagi OTB yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatning raqamli rivojlanishi, turizm, transport va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish