Logo

WOSCU va Islom sivilizatsiyasi markazi Britaniyadan yo‘qotilgan merosni O‘zbekistonga qaytardi

May 05, 2026. 14:25 • 2 daq

57
WOSCU va Islom sivilizatsiyasi markazi Britaniyadan yo‘qotilgan merosni O‘zbekistonga qaytardi

AR-RIYOZ, 7-may. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonida joylashgan Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi teleradiokompaniyalar ittifoqi veb-saytida Britaniyadan O‘zbekistonga noyob madaniy boyliklarning qaytarilgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekistonga noyob madaniy boyliklarni qaytarish jarayonida Islom sivilizatsiyasi markazi, Butunjahon O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish jamiyati (WOSCU), YEXHT, shuningdek, “Art Loss Register” xalqaro kompaniyasi, London politsiyasi va boshqa xalqaro hamkorlar faol ishtirok etgan.

Saytda Londonda bo‘lib o‘tgan Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusidagi xalqaro media-tadbirga alohida eʼtibor qaratilgan. Chunki aynan ushbu nufuzli anjuman doirasida O‘zbekiston uchun muhim voqea – noyob madaniy boyliklarning tantanali ravishda qaytarilishi amalga oshirilgan.

Qaytarilgan meros tarkibiga Markaziy Osiyoning turli tarixiy davrlariga oid o‘nta noyob artefakt kiritilgan. Ular orasida Kushonlar davri madaniyatiga tegishli topilmalar, qadimiy Termiz yodgorliklari, buddaviy sanʼat anʼanalari hamda Sug‘d sivilizatsiyasi namunalari mavjud. Ayrim buyumlar milodiy II–VIII asrlarga taalluqli bo‘lib, ushbu hududda kechgan boy madaniy va sivilizatsiya jarayonlarni yorqin aks ettiradi.

Shuningdek, qaytarilgan meros orasida Temuriylar davriga oid, Sohibqiron Amir Temurga tegishli deb qaraladigan kenotaf ham mavjud. Ushbu yodgorlik nafaqat tarixiy, balki ilmiy jihatdan ham beqiyos ahamiyatga ega.

Mazkur artefaktlar O‘zbekiston hududida qadimiy sivilizatsiyalar, madaniy aloqalar va tarixiy taraqqiyot bosqichlarini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi. Ular mamlakatning boy va ko‘pqirrali madaniy merosini xalqaro miqyosda yanada kengroq namoyon etishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish