Toshkent va Anqara parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda
Yanvar 13, 2026. 16:25 • 57 soniya
• 266
ANQARA, 17-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Fuat Oktay bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar chog‘ida ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik doirasida barcha yo‘nalishlarda, shu jumladan parlamentlararo hamkorlik sohasida salmoqli natijalarga erishilgani qayd etildi.
O‘tgan yil davomida Turkiya Buyuk millat majlisi raisining O‘zbekistonga amalga oshirgan ikki tashrifi, shu bilan birga, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining Turkiyaga tashrifi sohadagi hamkorlik yuksak darajada ekanini yaqqol ko‘rsatayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar izchil o‘sib borayotganiga alohida eʼtibor qaratildi. Maʼlum qilinishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekistondagi xorijiy investorlar orasida uchinchi o‘rinni egallagan.
O‘tgan yil mobaynida Turkiyadan O‘zbekistonga 170 mingga yaqin sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, bu o‘z navabatida Turkiya fuqarolarining tarixiy vataniga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Fuat Oktay Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida parlamentlararo muloqot faol rivojlanayotgani, aʼzo davlatlar parlamentlarining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitalari yig‘ilishlari bu hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini bildirdi.
Suhbat yakunida tomonlar ikki va ko‘p tomonlama parlamentlararo aloqalarni yana-da mustahkamlash, muntazam muloqot olib borish yuzasidan kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi