Praga shahrida O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida migratsiya jarayonlari muhokama qilindi
Yanvar 15, 2026. 11:23 • 2 daq
• 138
PRAGA, 15-yanvar. /“Dunyo” AA/. Elchixona diplomatlari Chexiya Chet el politsiyasi direktorati tarkibidagi Hujjatlarni tekshirish milliy markazi rahbari Petr Zikmund bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Chexiya tomonidan markaz vakillari – Mixal Kreys Aneta Firitova hamda Karel Popela ishtirok etdi.
Tadbir davomida Chexiya Chet el politsiyasi direktorati so‘roviga binoan, O‘zbekistonning xorijga chiqish pasporti, ID-karta, Vatanga qaytish sertifikati va boshqa rasmiy hujjatlar namunalari xizmat faoliyatida foydalanish uchun taqdim etildi.
Uchrashuvda migratsiya jarayonlari, hujjatlarni tekshirish amaliyoti, axborot almashinuvi, Chexiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Chexiya hududiga kirish va unda bo‘lish uchun haqiqiy deb eʼtirof etiladigan hujjatlar, amal qilish muddati tugagunga qadar qonuniy kuchga ega bo‘lgan avvalgi namunadagi pasportlar bo‘yicha ham batafsil tushuntirish berildi. Hujjatlar to‘g‘risidagi axborotni muntazam almashib borish qalbakilashtirish holatlarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
O‘zbek tomoni konsullik xizmatlari ko‘rsatish tartibi, turli maʼlumotnomalar berish, fuqarolarning ism va familiyasini o‘zgartirish jarayoni bo‘yicha milliy qonunchilik talablari haqida maʼlumot berdi.
O‘zbekiston fuqarolarining Chexiya hududida mehnat faoliyati va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish jarayonida hujjatlarning haqiqiyligi bilan bog‘liq ayrim muammolar muhokama qilindi. Chexiya tomoni taklifnomalar, litsenziyalar hamda ruxsat beruvchi hujjatlarni tasdiqlash masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
Chexiya Chet el politsiyasi mamlakatdagi barcha xalqaro aeroportlar faoliyatini nazorat qilishi, kirish rad etilgan holatlarni qayd etishi hamda rasmiy so‘rovlar asosida tegishli statistik maʼlumotlarni taqdim etishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Chet el fuqarolarini ushlab turish yoki ozodlikdan mahrum etish holatlarida diplomatik vakolatxonalarni xabardor qilish tartiblari yuzasidan tushuntirish berildi.
Uchrashuv yakunida hujjatlarni tekshirish, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, muntazam axborot almashinuvi va bevosita ishchi aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi