Germaniyaning yirik shaharlarida o‘zbek turizmiga oid videoroliklar namoyish etildi
Dekabr 27, 2025. 15:38 • 50 soniya
• 432BERLIN, 27-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning qator yirik shaharlaridagi LED-ekranlarda O‘zbekiston turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan videorolik reklamalari namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini oshirish dasturi doirasida amalga oshirildi. Videoroliklar mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi hamda Turizm qo‘mitasi hamkorligida tayyorlandi.
Qisqa metrajli videorolik reklamasi “HD-Berlin brillant led boards GmbH” MCHJ kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik shaharlardagi LED-ekranlarida namoyish qilindi. Bir hafta davomida Berlinda 9 ta ekranda har kuni 360-720 marta, Dyusseldorfda 10 ta ekranda, Myunxen va Shtutgart shaharlarida 1 tadan ekranda 2 kun davomida har kuni 360 martadan namoyish etildi.
Mamlakatimizga Yevropadan tashrif buyuradigan sayyohlarning katta qismi germaniyalik sayyohlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yevropaning yirik sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarining yurtimizga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini alohida taʼkidlash lozim.
“Rojdestvo” va Yangi yil bayrami arafasida Germaniyaga dunyoning turli burchaklaridan mehmonlarning oqib kelishini hisobga olsak, yurtimiz turizm salohiyatiga bag‘ishlangan bunday videoroliklar dunyo xalqlarini yurtimizga sayohat qilishga chorlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

