Slovakiyada O‘zbekistonning turizm brendi elchisi tayinlandi
Dekabr 27, 2025. 12:18 • 2 daq
• 445BRATISLAVA, 27-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bratislava shahrida O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir Slovakiyaning “AZC Group” kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi. Unda ushbu mamlakatning iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Vladimir Shimonyak, O‘zbekistonning Slovakiyadagi faxriy konsuli Lyudovit Chernak, Investitsiya va savdoni rivojlantirish agentligi (SARIO) bosh direktori Robert Shimonchich, Bratislavada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning Slovakiyadagi turizm brendi elchisi etib tayinlangan Diana Shtrofovaga tegishli sertifikatni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning ochilish qismida so‘zga chiqqan mamlakatimiz elchisi Baxtiyor Ibragimov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, Slovakiya bilan 2025 yilda erishilgan asosiy natijalar va ikki tomonlama munosabatlardagi istiqbolli rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, “AZC Group” kuzatuv kengashi raisi Robert Spishak O‘zbekiston bugungi kunda xorijliklar uchun tobora jozibador mamlakatga aylanib borayotganini taʼkidladi. U o‘zi boshqarayotgan kompaniya qishloq xo‘jaligi, avtomobil yo‘llari va boshqa yo‘nalishlarda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan loyihalarni samarali amalga oshirib kelayotganini qayd etdi.
Tadbir yakunida Diana Shtrofova “Dunyo” AA uchun bergan intervyusida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Bugun men uchun katta bayram. Sababi, menga O‘zbekistonning Slovakiyadagi turizm brendi elchisi to‘g‘risidagi sertifikat topshirildi.
Bu bildirilgan yuksak ishonch uchun o‘zbekistonlik hamkorlarimizga minnatdorlik izhor etaman. O‘z bilim va tajribalarimni qo‘llab, aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qilaman.
O‘zbekiston madaniy meroslarga boy mamlakat. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi uzoq tarixga ega bo‘lgan shahar dunyoga mashhur. Ipak yo‘lining markazi hisoblangan bu yerlarda qadimdan madaniyat, meʼmorchilik va sanʼat rivojlangan.
O‘zbek madaniyati, sanʼati, gastronomik salohiyati yevropalik sayyohlarni doimo o‘ziga tortgan. Shaxsan men uchun Xorazm lazgisi hamda o‘zbek palovi juda yoqadi.
Mamlakatingizni ko‘p asrlik tarixni o‘zida mujassam etgan go‘zal diyor sifatida slovakiyalik sayyohlar orasida targ‘ib qilishga doim tayyorman. Yana bir bor menga bildirilgan ishonch uchun tashakkur.
Diana Shtrofova 1998–2006-yillarda Slovakiya Milliy Kengashi (parlament) deputati bo‘lgan. 2006–2010-yillarda Slovakiya Tashqi ishlar vazirligida davlat kotibi lavozimida faoliyat yuritgan. 2012-yildan beri “AZC Group” kompaniyasining tashqi aloqalar masalalariga masʼul.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


