“Business Turk”ning may oydagi soni Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlandi
May 05, 2026. 11:25 • 2 daq
• 151
ANQARA, 7-may. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning savdo-iqtisodiy mavzularga ixtisoslashgan “Business Turk” jurnalining may oydagi soni V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashr muqovasida forum logotipi, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga oid materiallar chop etilgan.
Qayd etilishicha, ilk bor 2022-yilda tashkil etilgan forum O‘zbekiston rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi va keng xalqaro ishtirok tufayli tez orada Markaziy Osiyodagi eng muhim investitsiya tadbirlaridan biriga aylandi. Bu galgi nufuzli forum 16–19-iyun kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Unda Turkiya, AQSH, Yevropa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Xitoy, Uzoq Sharq va Markaziy Osiyodan yuqori martabali vakillar ishtirok etishi kutilmoqda.
Tashkilotchilar mazkur forumni global kapitalni jalb qilish va energetika, mashinasozlik va dasturiy taʼminot sohalarida investitsiya loyihalarini muhokama qilish uchun asosiy platforma sifatida baholashmoqda.
O‘tgan yili forum 97 ta davlatdan 3 mingga yaqin ishtirokchini jamlagan edi. Unda imzolangan investitsiya bitimlari hajmi 30,5 milliard dollarni tashkil etgan. Joriy yilda ishtirokchilar va tuzilgan bitimlar soni yana-da oshishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi