Chexiya bilan temir yo‘l va aviatsiya transporti yo‘nalishidagi hamkorlik yanada rivojlantiriladi
Fevral 01, 2026. 17:20 • 2 daq
• 170
PRAGA, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Chexiya Transport vazirining xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Mikulyash Mislbek bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqotda transport, logistika va iqtisodiy diplomatiya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Chexiya tomoni O‘zbekiston Elchixonasining Pragada ochilishi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim omil ekanini taʼkidlab, diplomatik vakolatxonaning mavjudligi muvofiqlashtirish jarayonlarini yengillashtirishi, iqtisodiy va transport diplomatiyasi yo‘nalishidagi hamkorlikni faollashtirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Chexiya Transport vazirligi vakili “Škoda Transportation” kompaniyasining O‘zbekistonga elektr poyezdlarini yetkazib berish loyihasiga alohida eʼtibor qaratdi. Chexiya tomoni mazkur loyihani ikki tomonlama munosabatlar, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida muhim strategik tashabbus sifatida baholadi. Loyiha Chexiya hukumati, Transport vazirligi hamda Yevropa komissiyasi va Yevropa investitsiya banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, “Global Gateway” tashabbusi doirasiga mos kelishi qayd etildi.
Aviatsiya sohasida Chexiyaning “Omnipol” kompaniyasi tomonidan L-410 yangi avlod samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikning ijobiy rivoji qayd etildi. “Omnipol” guruhiga kiruvchi “ERA” kompaniyasining Farg‘ona vodiysida aeronavigatsiya xizmatlari bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqani taʼkidlandi. Chexiya tomoni aviatsiya kadrlarini tayyorlash, havo harakatini boshqarish mutaxassislari va yer xizmatlari xodimlarini o‘qitish, modulli aeroport terminallarini qurish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Hozirda Chexiya va O‘zbekiston o‘rtasida “Qanor Sharq” kompaniyasi tomonidan haftasiga bir marta amalga oshiriladigan mavsumiy reys mavjudligi, “Uzbekistan Airways”, “Centrum Air” va “Air Samarkand” aviakompaniyalari ishtirokida muzokaralar olib borilayotgani qayd etildi. Biroq muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari hozircha uzoq muddatli rejalar doirasida ko‘rib chiqilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvning alohida qismi temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit yo‘nalishlarini, O‘rta koridorni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Chexiya tomoni Temir yo‘l sanoati korxonalarining milliy assotsiatsiyasiga kiruvchi kompaniyalarning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozoriga chiqishga qiziqishini bildirdi.
Logistika va transport koridorlari savdo rivoji uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi o‘sib borayotganini va biznesning barqaror hamda prognoz qilinadigan yo‘nalishlarga ehtiyoji mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan xususiy sektor ishtirokida ikki mamlakat Transport vazirliklari o‘rtasida qo‘shma ishchi guruh tuzish maqsadga muvofiq ekani aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar temir yo‘l va aviatsiya transporti, logistika, intellektual transport tizimlari va shahar mobilligi sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish bildirib, doimiy ishchi muloqotni olib borishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
