Karachida “O‘zbekiston–Pokiston sanoat zonasi”ni barpo etish bo‘yicha kelishuvga erishildi
Dekabr 09, 2025. 09:14 • 3 daq
• 150KARACHI, 11-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasi tomonidan Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Biznes-forumni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev kirish nutqi bilan ochib berdi.
Diplomatik missiya rahbari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, soliq va bojxona talablarini liberallashtirish, respublikaning ilmiy va intellektual, xomashyo va iqtisodiy salohiyati, ko‘p tarmoqli sanoat bazasi, shuningdek, mamlakatimizning energetika, neft-kimyo sanoati, AKT sohasi, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank-moliya yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning ulkan istiqbollari, turizm sohasidagi imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Har ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan do‘stona munosabatlar, ularning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga bo‘lgan qatʼiy siyosiy irodasi va bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan so‘nggi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasiga yetgani taʼkidlandi.
“Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirilishini taʼminlash uchun har ikki mamlakat hukumatlariga tegishli vakolatlar va aniq topshiriqlar berilgan. Ishbilarmon doiralarga esa erkinlik va qulay sharoitlar yaratilgani natijasida bugunga kelib nafaqat davlat idoralari o‘rtasida, balki o‘zbekistonlik va pokistonlik tadbirkorlar o‘rtasida ham muloqot jadallashdi, o‘zaro tashriflar soni ortdi”, – dedi diplomatik missiya rahbari.
Diplomatik vakolatxona rahbari nutqi so‘nggida, Pokiston biznesi vakillarini O‘zbekistonda tadbirkorlar, xususan xorijiy investorlarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanishga, ikki tomonlama savdo hajmini ko‘paytirishga va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.
Tadbir ishtirokchilari uchun O‘zbekistonda biznesni yo‘lga qo‘yish, xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan investitsiyaviy imkoniyatlar va mavjud imtiyozlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. To‘qimachilik, farmatsevtika, turizm, qurilish sohalarida taklif etilayotgan infratuzilma loyihalari haqida batafsil maʼlumot hamda pokistonlik tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Mamlakatimizning Sind viloyatidagi faxriy konsuli Hamid Mahmud va Panjob viloyatidagi faxriy kunsul Najib Vohra O‘zbekistondagi faoliyatlari va tajribalari haqida so‘zlab berishdi.
So‘zga chiqqanlar, tadbirkorlar va mahsulotlarning ikki mamlakat bozorida o‘zaro ishtirokini kengaytirish, elektron tijorat platformalari orqali savdo qilish bo‘yicha mexanizmlarni yaratishning ahamiyatiga eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, biznes-forum qatnashchilari savdo-iqtisodiy yo‘nalishda to‘liq o‘zlashtirilmagan ulkan salohiyat mavjudligi eʼtirof etgan holda, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, charm-poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish, farmatsevtika va metallurgiya sohalarida qo‘shma korxonalarni ochish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, logistika klasterlarini tashkil etish ustida ishlash lozimligini taʼkidladilar.
Iqtisodiy tadbir davomida Karachi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda 2026-yil fevral oyida Karachidagi yirik savdo va sanoat kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasini ishlab chiqish va uning doirasida biznes-forum o‘tkazish, Korangi sanoat va savdo uyushmasi bilan birgalikda Xorazm viloyatida “O‘zbekiston-Pokiston sanoat zonasi”ni barpo etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Biznes-forum dasturiga muvofiq har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida B2B shaklida uchrashuvlar tashkil etildi.
Muzokaralar natijasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir yigirmadan ortiq memorandumlar imzolandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Pokiston bilan charmsanoat bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Germaniya bilan innovatsiya sohasida yangi loyihalar yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida banklararo hamkorlik aloqalari rivojlantiriladi


