Logo

Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi

Aprel 15, 2026. 10:40 • 2 daq

197
Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi

VARSHAVA, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Polshaning Milliy xotira instituti rahbariyati bilan ko‘rishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda ikkinchi jahon urushi tarixi, arxiv ishi va muzeylar faoliyati yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Milliy xotira instituti vitse-prezidenti, professor Karol Poleyevskiy, Arxiv direktori Marjena Kruk, Tarixiy tadqiqotlar byurosi rahbari Sebastyan Pilarskiy, Xalqaro hamkorlik departamenti boshlig‘i Katajina Drinska va institut prezidenti devoni rahbari Marek Yednyak mavzu yuzasidan so‘z yuritdi.

Muzokaralarda ishtirokchilar ikkinchi jahon urushidagi jinoyatlarni o‘rganish, arxiv maʼlumotlarini qidirib topish, ilmiy-tadqiqot va taʼlim ishlari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakatning tegishli muassasalari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik shakllanayotganini taʼkidladi. Xususan, 2021-yilda Gdanskdagi Ikkinchi jahon urushi muzeyi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgani, 2022-yilda esa Milliy xotira instituti va O‘zbekiston Milliy arxivi o‘rtasida memorandum imzolangani yodga olindi.

Tarixiy aloqalarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 1942-yilda O‘zbekiston hududida general Vladislav Anders armiyasi tashkil etilgani, uning shtab-kvartirasi Yangiyo‘l shahrida joylashtirilgani, shuningdek, 115 mingdan ortiq Polsha fuqarolari O‘zbekiston va Turkmaniston orqali Eronga evakuatsiya qilingani qayd etildi. Shuningdek, ikki xalq tarixi bilan bog‘liq qabrlar va yodgorliklarni asrab-avaylash va o‘rganish masalalari muhokama qilindi.

Polsha tomoni O‘zbekistonning tegishli muassasalari, jumladan, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Jadidlar merosi muzeyi va O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida professor Karol Poleyevskiy O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligi hamda amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish