Qatar bozoriga “Products of Uzbekistan” brendi ostida 15 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi
Dekabr 02, 2025. 16:20 • 2 daq
• 160DOHA, 3-dekabr. /“Dunyo” AA/. Dohaning “City Center Mall” yirik savdo-ko‘ngilochar majmuasida “Products of Uzbekistan” brendi ostida oziq-ovqat, qandolat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qatarda ilk bor tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston tadbirkorlari mahalliy brendlarimizni ushbu mamlakat bozorida sotish bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surdi.
“Products of Uzbekistan” savdo yarmarkasi ochilishida Qatar Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Muhammad Al-Kuvari, “Al Faisal Holding” asoschisi va raisi shayx Faisal Ol-Soniy, “AAMAL” bosh direktori Rashid Al-Mansuri, “Abu Issa Holdings” bosh direktori Nabil Abu Issa va boshqa yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada ho‘l mevalar, qandolat va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi sohasidagi 50 dan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish qilindi. Ushbu mahsulotlar “J&R”, “Bonaf”, “Qand”, “AgroFood”, “Caravan Gardens”, “Ermak”, “Tavois Agromir Expo”, “Makkaldo”, “Sherakhun”, “Frutata”, “Optimus Fruit” kabi 30 ga yaqin yetakchi o‘zbek kompaniyalari tomonidan taqdim etildi.
Ko‘rgazma Qatar bozorida yuqori sifatli o‘zbek mahsulotlarini targ‘ib etish, ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun muhim platforma vazifasini bajardi.
Tadbirga 200 mingdan ortiq qishi tashrif buyurib, o‘zbek mahsulotlari sifati bilan tanishdi. Qatarning ko‘plab importyor kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatildi.
Ko‘rgazmada 15 million dollarlik mahalliy mahsulotlarimizni Qatar bozoriga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Kuvaytga ilk bor 23 tonna qora mayiz eksport qilindi
O‘monlik ishbilarmonlar bilan eksport-import masalasida fikr-mulohaza almashildi
Daniya bozoriga ilk bor o‘zbek mahsulotlari eksport qilindi


