O‘zbek yoshlari Malayziyaning yetakchi universitetida to‘liq grant asosida taʼlim olishni boshladi
Yanvar 19, 2026. 14:07 • 2 daq
• 111KUALA-LUMPUR, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. 27 nafar o‘zbeistonlik talaba Malayziyaning Al-Buxoriy xalqaro universitetiga tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, to‘liq grant asosida bakalavr bosqichida taʼlim olish uchun qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Talabalarni Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari va universitet rahbariyati tantanali kutib oldi.
Mazkur tanlov oliy taʼlim olish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘lmagan yoshlar o‘rtasida o‘tkazildi. Ular to‘rt yil davomida Malayziya oliy taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va xalqaro taʼlim standartlariga mos keladigan dasturlar bo‘yicha zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan yirik kampusda tahsil oladi.
Loyiha O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat jamg‘armasi va Malayziyaning Al-Buxoriy jamg‘armasi va shu nomdagi xalqaro universitet rahbariyati o‘rtasida erishilgan kelishuv asosida amalga oshirib kelinmoqda.
Bunda “Vaqf” xayriya jamg‘armasi tomonidan joriy yilning 31-mayiga qadar kelgusi o‘quv yili uchun tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan kam taʼminlangan oilalar farzandlari orasidan nomzodlar ro‘yxati shakllantiriladi.
Birlamchi hujjatlar tekshiruvidan o‘tgan yoshlar Al-Buxoriy xalqaro universiteti qabul komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi va muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar grant asosida talaba bo‘lishlari mumkin.
Al-Buxoriy xalqaro universiteti 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Al-Buxoriy jamg‘armasi tomonidan xayriya asosida moliyalashtiriladigan xususiy oliy taʼlim muassasasidir. Universitet Kedax shtatining Alor Setar shahrida joylashgan.
Ayni paytda oliygohda dunyoning 60 dan ortiq davlatidan 1572 nafar talaba tahsil olmoqda. Kam taʼminlangan oilalarga mansub talabalar uchun biznes boshqaruvi, xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, islom moliyasi va pedagogika kabi 12 ta bakalavriat, shuningdek, 3 ta magistratura va 2 ta doktorantura (PhD) taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari amalga oshiriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


