Logo

O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmoqda

Yanvar 22, 2026. 10:51 • 52 soniya

53
O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmoqda

TOSHKENT, 22-yanvar. / “Dunyo” AA/. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, joriy yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Aholini ro‘yxatga olish bu – belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarini belgilovchi shaxsiy maʼlumotlarni yig‘ish va qayta ishlashning davriy jarayoni hisoblanadi. Ushbu jarayon O‘zbekistonning butun hududi yoki uning muayyan hududlarida amalga oshiriladi.

Tadbirning asosiy maqsadi — mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash hamda O‘zbekiston aholisi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi to‘g‘risida ishonchli va xolis maʼlumotlarni olishdan iborat.

Ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda o‘tkaziladi:

15-yanvardan 31-yanvarga qadar — census.stat.uz portali orqali OneID tizimidan foydalangan holda onlayn ro‘yxatdan o‘tish amalga oshiriladi (shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun ham).

4-fevraldan 28-fevralga qadar — “mahalla yettiligi” aʼzolari xonadonbay yurib, planshetlar yordamida ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etadi.

Shaxsiy maʼlumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi, anketalardagi maʼlumotlar boshqa organlarga berilmaydi. Ro‘yxatga olish dasturi aholining asosiy ijtimoiy-demografik ko‘rsatkichlarini qamrab oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish