Shanxaydagi O‘zbekiston investitsiyalar va savdoni rivojlantirish markazi faoliyati jadallashadi
Mart 17, 2026. 16:39 • 2 daq
• 178
SHANXAY, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Shanxay shahridagi O‘zbekiston investitsiyalar va savdoni rivojlantirish markazi rahbari Lyu Shuszyun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu markaz 2025-yil oktyabr oyida Bosh konsulxona va “Tongda Hangkong Services Co. Ltd” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan. U mahalliy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish, tashriflarni tashkil etish, investitsiya va turizm salohiyatini targ‘ib qilish, madaniy almashinuvni kengaytirishga xizmat qiladi.
Suhbat davomida so‘nggi yillarda Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi. Lyu Shuszyun investitsiyalarni jalb qilish va Xitoy bozorida o‘zbek mahsulotlarini targ‘ib etishga tayyorligini bildirdi.
Shu yil yanvar oyida markaz uchun Shanxaydagi biznes-markazning 18-qavatida 200 kvadrat metrlik ofis tayyorlandi. Bu joyda taqdimotlar, uchrashuvlar, biznes-forumlar va madaniy tadbirlar o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.
O‘zbekistonning investitsion va turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida Xitoy onlayn platformalarida alohida akkauntlar ishga tushirildi. Ularni mazmunan boyitish uchun zarur materiallar taqdim etib borishga kelishildi.
Bundan tashqari, tibbiyot, energetika, tog‘-kon va turizm sohalaridagi yirik kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyaning 2026-yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi