Logo

Barselonada “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

Aprel 30, 2026. 10:00 • 2 daq

333
Barselonada “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
Barselonada “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi
Barselonada “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi

BARSELONA, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning Barselona shahrida “Cinemes Girona” kinoteatrida “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” badiiy filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Taqdimot O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimiz Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda Ispaniya va Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan “Casa Asia” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Kino namoyishi maydonining tanlanishi tasodifiy emas: “Cinemes Girona” kinoteatri Yevropa va mualliflik kinosiga ixtisoslashgan, muntazam ravishda xalqaro kinoloyihalar va tematik namoyishlarni qabul qiluvchi shaharning ko‘zga ko‘ringan madaniy joylaridan biri hisoblanadi.

Premyerada diplomatik korpus, madaniy hamjamiyat va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Asar Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro loyiha doirasida namoyish etildi.

Ssenariy muallifi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning taʼkidlashicha, film ustida xalqaro mutaxassislar jamoasi ishtirokida bir necha yil davomida ish olib borilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, premyera aynan Ispaniyada o‘tkazilishi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, bu ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni, jumladan, Kastiliya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning Amir Temur saroyiga tashrifini ramziy maʼnoda aks ettiradi.

Film tarixiy asosni badiiy talqin bilan uyg‘unlashtirib, erkinlik, inson qadr-qimmati va madaniyatlar muloqoti mavzularini ko‘taradi.

Tarixiy xotiraning ahamiyati va uning shaxsga taʼsirini ochib beruvchi zamonaviy syujet chizig‘i hikoyaga qo‘shimcha teranlik bag‘ishlaydi.

Namoyish ko‘tarinki ruhda o‘tdi va tomoshabinlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Tomoshabinlar film mazmuni, aktyorlik mahorati, g‘oyalarning dolzarbligini alohida eʼtirof qildi.

Tadbir so‘nggida mehmonlar norasmiy shaklda muloqotni davom ettirdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbek kinematografistlarining “Buyuk Amir va Donna Mariya” badiiy filmining premyerasi bundan oldin Ispaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish