Rossiyaning Chuvashiya Respublikasida O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi
Oktabr 21, 2023. 12:52 • 2 daq
• 1594
ChEBOKSARI, 21 oktyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning Chuvashiya Respublikasi Xalqlar do'stligi saroyida 21 oktyabr – O'zbek tili bayrami kuniga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonning bosh konsuli Fariddin Nasriyev, Chuvashiya Respublikasi Kengashi raisi Leonid Cherkesov, madaniyat vazirli Svetlana Kalikova, shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining vakillari, O'zbek milliy madaniy markazi faollari ishtirok etishdi.
Tadbirni Chuvashiya Respublika Kengashi raisi Leonid Cherkesov qutlov nutqi bilan ochib berdi. U O'zbekiston va Rossiya munosabatlari hozirgi kunda yuqori darajada ekanligini, strategik sherikchilik asosida ikki tomonlama hamkorlik kundan kunga o'sib borayotganini ta'kidladi. «O'zbek tili bayrami kuni har yili Chuvashiya Respublikasida keng nishonlanadi. Shuningdek, o'zbek tilini targ'ib qilish, ushbu tilni yoshlar, xususan o'zbek oilalari farzandlari mukammal o'rganishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda», dedi Leonid Cherkesov.
Bosh konsul Fariddin Nasriyev ishtirokchilarga O'zbekiston Respublikasining «Davlat tili to'g'risida»gi qonunining mazmun-mohiyati va ushbu hujjatda belgilangan vazifalar haqida so'zlab berdi. Diplomat Rossiya hududlarida, xususan Chuvashiya Respublikasida o'zbek tiliga qaratiyotgan yuksak e'tibor, O'zbekiston madaniy markazi bilan birgalikda o'tkazib kelayotgan ma'naviy-ma'rifiy kechalarni qo'llab-quvvatlayotgani uchun respublika rahbariyati va diaspora tashkilotiga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir mehmoni, Andijon davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyor Rasulov o'z chiqishida O'zbekiston va Rossiya o'rtasida mintaqalararo hamkorlik yuqori daraja ekanligini qayd edi. U, shuningdek, Chuvashiya Respublikasida bo'lib o'tayotgan o'zbek tili va madaniyatiga bag'ishlangan ushbu tadbir ham madaniy-gumanitar yo'nalishida erishilgan yutuqlardan biri ekanligini bildirdi.
Ona tilimizga bag'ishlagan mazkur tadbir yakunida uning ishtirokchilari o'zbek tilidagi she'rlardan namunalar o'qib berishdi. Taniqli san'at ustalari tomonidan o'zbek tilida ijro etilgan kuy va qo'shiqlar esa barchaga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi