Dashoguzda O‘zbekiston–Turkmaniston biznes-forumi o‘tkaziladi
Fevral 20, 2026. 11:12 • 55 soniya
• 105DASHOGUZDA, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Turkmanistonning Dashoguz viloyati hokimi Dovletgeldi Babayev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar hududlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, agrosanoat va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratdi.
Xususan, Xorazm viloyati delegatsiyaning mart oyida Turkmanistonga biznes tashrifini tashkil etish va Dashoguzda qo‘shma biznes-forum o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Yilning ikkinchi yarmida o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va Turkmanistonning uchinchi hududlararo forumiga tayyorgarlik ko‘rish, savdo shartnomalari va boshqa hujjatlarni dastlabki tarzda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
“Shovot–Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining tashkil etilishi o‘zaro savdoni kengaytirish va ikki davlat chegaraoldi hududlari aholisining turmush darajasini oshirishda muhim omil bo‘lishi taʼkidlandi.
Mamlakatimiz diplomatik missiyasi vakillari biznes-forum doirasida mazkur zona faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Turkmaniston diplomatik xodimlari kuni munosabati bilan Toshhovuzda o‘tkazilgan tantanali tadbirda ham ishtirok etdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik mintaqaviy darajada izchil mustahkamlanib borayotganining tasdig‘idir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




