Logo

O‘zbekiston va Polshaning mashhur brendlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi

Aprel 11, 2026. 12:00 • 2 daq

76
O‘zbekiston va Polshaning mashhur brendlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatiladi

GDANSK, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi diplomatlari Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yirik kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblangan “LPP S.A.” kompaniyasining Gdansk shahridagi bosh ofisi faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida diplomatlar kompaniyaning yuqori darajada avtomatlashtirilgan logistika va distributsiya infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi.

Kompaniya boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari Slavomir Loboda bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, xususan, O‘zbekistonda mashhur brendlar ostida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yangi investitsiya loyihalarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar chog‘ida Slavomir Loboda O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati salohiyati yuqori ekanini eʼtirof etib, amaliy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Yaqin istiqbolda Polsha kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va “LPP S.A.” brendlarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini taʼkidladi.

1991-yilda tashkil etilgan “LPP S.A.” kompaniyasi “Reserved”, “Cropp”, “House”, “Mohito”,“Sinsay” kabi dunyoga mashhur brendlar egasi hisoblanadi. 2025-yilgi yillik aylanmasi qariyb 6,5 milliard yevroni tashkil etgan kompaniyaning 40 dan ortiq mamlakatda 3400 dan ziyod savdo nuqtalari mavjud. Gdanskdagi logistika markazi haftasiga 9 million donagacha mahsulot tarqatish quvvatiga ega bo‘lib, mintaqadagi eng zamonaviy majmualardan biri sanaladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish