Logo

Pokiston kompaniyasi Navoiy viloyatida mashinasozlik ehtiyot qismlari va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi

May 01, 2026. 09:00 • 3 daq

304
Pokiston kompaniyasi Navoiy viloyatida mashinasozlik ehtiyot qismlari va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi

KARACHI, 1-may. /“Dunyo” AA/. Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Pokistonga amaliy tashrifi doirasida Karachi shahrida «Omni Group of Companies» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Xavaja Salman Yunus bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ham ishtirok etdi.

Muzokaralar avvalida Pokiston tomoniga tashrifning asosiy maqsad va vazifalari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Xususan, Navoiy viloyatida xorijiy investorlar, jumladan Pokiston kompaniyalari uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, amal qilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar keng yoritib berildi. Shu bilan birga, viloyatda xorijiy sarmoya ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va ularning ijobiy natijalari xususida ham maʼlumot taqdim etildi.

Muloqot davomida Navoiy viloyati sanoat korxonalarining ehtiyojlari uchun mashinasozlik, metallga ishlov berish va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish sohalarida shakllangan salohiyat alohida taʼkidlandi. «Omni Group of Companies» tarkibiga kiruvchi shakar, sement, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalarda turli xil mashinasozlik ehtiyot qismlariga doimiy talab mavjudligi inobatga olinib, ushbu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbolli ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Navoiy viloyati hududida mashinasozlik ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Pokiston kompaniyasining agrosanoat sohasidagi boy tajribasini inobatga olgan holda, Navoiy viloyatida shakarqamish va qand lavlagidan shakar ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish, suv tejamkor guruch navlari va kartoshka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham fikr almashildi.

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan kimyoviy xomashyolarni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, jumladan qurilish materiallari, farmatsevtika sanoati uchun zarur komponentlar hamda qishloq xo‘jaligi va sanoatda keng qo‘llaniladigan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish taklifi Pokiston tomoniga katta qiziqish uyg‘otdi .

Uchrashuv yakunida tomonlar mashinasozlik ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Shuningdek, ushbu loyihalarni joyida o‘rganish va amaliy muzokaralarni davom ettirish maqsadida «Omni Group of Companies» rahbariyatining Navoiy viloyatiga ishchi safarini tashkil etish bo‘yicha bir to‘xtamga kelindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish