Toshkent–Guanchjou o‘rtasida haftasiga 10 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys qatnamoqda
Mart 18, 2026. 12:37 • 2 daq
• 158
GUANCHJOU, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi tomonidan O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan navbatdagi biznes-forum tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Xitoyning janubiy hududlarida faoliyat yurituvchi 40 dan ortiq yirik sayyohlik kompaniyalari va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Forum davomida ishtirokchilarga Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarning boy madaniy merosi, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi hamda yangi yo‘nalishlar bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekistonning boy tarixi va YUNYESKOning Jahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan obidalariga katta qiziqish bildirdi.
Muloqot chog‘ida Toshkent va Guanchjou shaharlari o‘rtasida haftasiga 10 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilgani hamda bir oylik vizasiz rejimning amal qilishi ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini keskin oshirishga xizmat qilayotgani alohida e’tirof etildi.
“SilkLink” kompaniyasi bosh direktori Day Dongmey ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston bugungi kunda dunyodagi eng jozibador turistik yo‘nalishlardan biriga aylandi. Maqsadimiz – o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va yangi marketing kampaniyalari orqali xitoylik sayyohlar uchun Buyuk Ipak yo‘lining noyob merosini kashf etishdir”.
Tadbir yakunida xitoylik turoperatorlar bilan yangi qo‘shma yo‘nalishlarni ishlab chiqish va O‘zbekistonning turistik brendini keng targ‘ib qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi