O‘zbekiston turizm brendi Skandinaviya media makonida keng taqdim etildi
Mart 16, 2026. 17:23 • 2 daq
• 146
STOKGOLM, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Shvetsiyadagi elchixonasi “Freedom Travel” agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turizm jozibadorligiga bag‘ishlangan “Freedom Community Event 2026” yirik media-tadbirini tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy sayyohlik imkoniyatlarini Skandinaviya (Shvetsiya, Daniya va Norvegiya) media makonida keng targ‘ib qilish hamda yurtimizning xavfsiz va jozibador yo‘nalish sifatidagi imijini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Skandinaviya mamlakatlaridan 100 dan ortiq trevel-jurnalistlar, inflyuyenserlar va blogerlar ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, mazkur media vakillarining ijtimoiy tarmoqlardagi umumiy obunachilari auditoriyasi 7 milliondan ortiq kishini tashkil etadi.
Dastur doirasida vatandoshlarimiz ko‘magida O‘zbekiston milliy turizm brendi, qadimiy ipak yo‘li obidalari va noyob gastronomik salohiyatining keng ko‘lamli taqdimoti o‘tkazildi. Skandinaviyalik ijodkorlar uchun O‘zbekiston hali kashf qilinmagan, ammo yuksak madaniyat va mehmondo‘stlik markazi sifatida namoyish etildi.
Muzokaralar yakunida bir qator strategik kelishuvlarga erishildi. Xususan, O‘zbekiston haqidagi media-kontentni Skandinaviyaning yetakchi OAVlarida muntazam yoritib borish hamda 2026-yil davomida mashhur blogerlarning yurtimizga maxsus press-turlarini tashkil etish belgilab olindi. E’tiborli jihati, O‘zbekiston Milliy turizm qo‘mitasi va xorijiy media vakillari o‘rtasida sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha sun’iy intellektga asoslangan qo‘shma elektron platformalarni shakllantirish bo‘yicha to‘xtamga kelindi.
Bu kabi innovasion yondashuvlar va Skandinaviyaning yetakchi media figuralari bilan o‘rnatilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar O‘zbekiston va Shimoliy Yevropa davlatlari o‘rtasidagi turistik oqimni yangi bosqichga olib chiqishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi