Parijda “Made in Uzbekistan” o‘zbek hunarmandchiligi mahsulotlari savdo uyi ochildi
Fevral 17, 2026. 10:35 • 2 daq
• 121PARIJ, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda bir guruh tadbirkor ayollarning Fransiyaga tashrifi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Parijda “Made in Uzbekistan” o‘zbek hunarmandchiligi mahsulotlari savdo uyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi Nodir G‘aniyev, Toshkent shahar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash markazi direktori Sayyora Jo‘rayeva, O‘zbekistondan tashrif buyurgan tadbirkor ayollar, Fransiya hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Savdo uyi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, unda xotin-qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlarini sotish yo‘lga qo‘yiladi.
Savdo uyining asosiy maqsadi Fransiyaning keng jamoatchiligiga hunarmand ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlarni namoyish etish va targ‘ib qilish, mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniy muloqot uchun maydon yaratishdan iborat.
Tashrif doirasida O‘zbekiston elchixonasida delegatsiya tarkibida kelgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Savdo uyi faoliyatini yanada rivojlantirish, Fransiyada milliy mahsulotlar va o‘zbek brendlarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikning turli sohalarida, jumladan, iqtisodiyot, maktabgacha taʼlim, madaniyat va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari 2020-yilda ochilgan “Maison de l‘Ouzbekistan” butik-galereyasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Parijda “Made in Uzbekistan” o‘zbek hunarmandchiligi mahsulotlari savdo uyining ochilishi o‘zbek tadbirkorlari va hunarmandlari mahsulotlarini Fransiya va boshqa Yevropa davlatlari bozorlarida targ‘ib qilish va sotishni tashkil etish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






