Logo

O‘zbekiston va Chexiya elektrotexnika sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi

Yanvar 17, 2026. 12:45 • 2 daq

195
O‘zbekiston va Chexiya elektrotexnika sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi

PRAGA, 18-yanvar. /“Dunyo” AA/. Praga shahrida Chexiya elektrotexnika va elektron sanoati assotsiatsiyasi rahbari Yan Proks bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda elektronika, elektrotexnika, avtomatlashtirish, energetika va sanoatning turdosh tarmoqlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Chexiya tomoniga O‘zbekistonda 2016-yildan buyon amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ishlab chiqarish, moliyaviy operatsiyalar va eksport jarayonlarini tashkil etishdagi imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, elektronika va elektrotexnika tarmoqlarida sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.

O‘z navbatida, assotsiatsiya rahbari elektronika, elektrotexnika va muhandislik texnologiyalarini xalqaro sanoat hamkorligi uchun istiqbolli sohalar sifatida baholab, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Chexiya kompaniyalarining sanoatni avtomatlashtirish, “Industry 4.0” yechimlari, sunʼiy intellekt, mexatronika, shuningdek, energetika va tog‘-kon sanoati uchun yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi tajribasi va salohiyati taqdim qilindi.

Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston barqaror iqtisodiy muhitni hamkorlik uchun jozibador shart-sharoitlar, jumladan, Markaziy Osiyo va Yevroosiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlari hamda Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimi afzalliklari bilan uyg‘unlashtirayotganini taʼkidladilar.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasida elektrotexnika va elektronika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro ko‘rgazmalar doirasida ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va tajriba almashish yuzasidan kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish