Logo

O‘zbekistonda yirik shamol energetika loyihasi bo‘yicha 116 million dollarlik bitim imzolandi

May 06, 2026. 12:25 • 2 daq

212
O‘zbekistonda yirik shamol energetika loyihasi bo‘yicha 116 million dollarlik bitim imzolandi
O‘zbekistonda yirik shamol energetika loyihasi bo‘yicha 116 million dollarlik bitim imzolandi
O‘zbekistonda yirik shamol energetika loyihasi bo‘yicha 116 million dollarlik bitim imzolandi

SAMARQAND, 6-may. /“Dunyo” AA/. Osiyo taraqqiyot banki va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Buxoro viloyatida quvvati 300 megavatt bo‘lgan “Bash-2” shamol elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish uchun 116 million AQSH dollari miqdorida moliyalashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Loyihaning moliyaviy paketi Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning oddiy kapital resurslaridan 50 million dollar, OTB yetakchi tashkilotchi va bukrunner sifatida ishtirok etishi orqali tijorat kreditorlaridan jalb qilingan 41 million dollar, shuningdek, “LEAP 2” jamg‘armasidan ajratilgan 25 million dollarni o‘z ichiga oladi.

Loyiha doirasida har birining quvvati 8 MVtgacha bo‘lgan 39 ta shamol turbinasini, kuchlanishi 35/500 kilovoltli yangi podstansiyani va stansiyani milliy energiya tizimiga ulash uchun taxminan 1,5 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyasini qurish rejalashtirilgan.

OTBning xususiy sektor bilan ishlash bo‘yicha bosh direktori Izabel Chatterton taʼkidlashicha, loyiha mamlakatning energetik barqarorligini mustahkamlash, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va yangi yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, OTB tomonidan O‘zbekistonda qo‘llab-quvvatlanayotgan boshqa shamol energetikasi tashabbuslari bilan birga bank tomonidan mamlakatda moliyalashtiriladigan quvvatlarning umumiy hajmi 2 gigavattdan oshadi.

Qurilish davrida loyiha kamida 800 ta ish o‘rni yaratishi, foydalanishga topshirilgach esa kamida 25 ta doimiy ish o‘rnini taʼminlashi kutilmoqda. Qayta tiklanuvchi energetika sohasida ayollar va qizlar ishtirokini kengaytirishga, jumladan, shamol energetikasi obyektlariga tanishtiruv safarlarini uyushtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

“ACWA Power” kompaniyasi asoschisi va boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanning qayd etishicha, loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonning toza energetikani rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlaydi hamda mintaqada shamol energetikasi loyihalarining sarmoyaviy jozibadorligini namoyon etadi.

Hozirda kompaniya dunyoning 15 ta mamlakatida energetika va suvni chuchuklashtirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. OTB avvalroq kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator energetika loyihalarini, jumladan, “Bash”, “Jankeldi” va “Nukus-2” shamol elektr stansiyalari hamda “Samarqand-1” va “Samarqand-2” quyosh elektr stansiyalari loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish