Logo

O‘zbekiston Ombudsmani Jenevada inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi

Aprel 06, 2026. 17:34 • 2 daq

61
O‘zbekiston Ombudsmani Jenevada inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi

JENEVA, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Jeneva shahrida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar global alyansining yillik sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlatlar ombudsmanlari, Jenevada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida O‘zbekiston Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) delegatsiyasi “Raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston Ombudsmani tajribasi va xalqaro amaliyot” mavzusida taqdimot qildi. Unda inson huquqlari institutlari faoliyatini raqamli muhitga moslashtirish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va ularning daxlsizligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishda raqamli mexanizmlardan foydalanish, hamda sunʼiy intellekt bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.

Tadbirning asosiy maqsadi ­­­- turli hududlardagi Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasida ilg‘or tajriba almashishni rivojlantirish va raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova o‘z nutqida mamlakatda raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyat ehtiyojlari ortib borayotgan sharoitda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning zamonaviy mexanizmlari izchil joriy etilayotganini taʼkidladi.

Tadbirda Ozarbayjon, Italiya va Slovakiya ombudsmanlari, Zimbabve Inson huquqlari komissiyasi raisi, BMTning O‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhi vakillari hamda “Justice pour Tous Internationale” ijroiya direktori so‘zga chiqib, raqamli makonda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ilg‘or tajriba va yondashuvlar haqida fikr yuritdi.

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar raqamli huquqlarni milliy darajada himoya qilishni kuchaytirish, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy institutlar o‘rtasida doimiy muloqotni mustahkamlash zarurligi yuzasidan umumiy kelishuvga erishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish