Bokudan munosabat: Chexiya Bosh vazirining tashrifi Yevropa davlatlarining Markaziy Osiyoga eʼtibori ortayotganidan dalolat
May 01, 2026. 09:55 • 2 daq
• 161
BOKU, 1-may. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonlik taniqli siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade “Dunyo” AAga Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarini faol ravishda kengaytirmoqda. Mamlakat iqtisodiyotida liberallashuv va investitsiyalarni jalb qilish siyosati izchil davom etmoqda. Shu sababli, O‘zbekiston faqat bozor yoki xomashyo manbai emas, balki sanoat, energetika, infratuzilma va logistika sohalarida aniq loyihalar taklif qila oladigan ishonchli hamkor sifatida shakllanmoqda. Shuningdek, uning geografik joylashuvi Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport yo‘laklarida muhim o‘rin tutadi.
Shu nuqtai nazardan, Chexiya Bosh vazirining tashrifi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni, balki Yevropa davlatlarining Markaziy Osiyodagi ishtiroki kengayib borayotganini ham ko‘rsatadi. Chexiya uchun O‘zbekiston mashinasozlik, energetika va transport infratuzilmasi sohalarida hamkorlik qilish uchun istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Bu esa Pragaga tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish va ayrim anʼanaviy bozorlarga bog‘liqlikni kamaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston tomoni esa Chexiya va Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Bu iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, yangi investitsiyalar jalb etish va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritib, bir davlatga ortiqcha qaram bo‘lib qolmaslikka intiladi. Bu uning tashqi iqtisodiy barqarorligini mustahkamlaydi.
Xulosa qilib aytganda, bo‘lib o‘tgan muzokaralar Toshkent va Praga hamda O‘zbekiston va Markaziy Yevropa davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi