Madriddan munosabat: Chexiya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi
May 01, 2026. 08:10 • 2 daq
• 222
MADRID, 1-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umumevropa Ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildi:
– Chexiya Bosh vazirining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida muhim ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil mustahkamlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan puxta o‘ylangan va izchil siyosat tufayli mamlakat tashqi siyosati yanada ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka yo‘naltirilgan tus oldi. Bu Yevropa davlatlari, jumladan Chexiya bilan hamkorlikni faollashtirishga va uni aniq iqtisodiy hamda investitsiyaviy loyihalar bilan boyitishga imkon berdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat mustahkam tarixiy asosga, balki yuqori darajadagi faol siyosiy muloqotga ham tayanadi. Muntazam aloqalar va o‘zaro tashriflar tomonlar o‘rtasidagi ishonch yuqori ekanini hamda sheriklikni rivojlantirishga bo‘lgan intilishni ko‘rsatadi.
Oliy darajadagi muzokaralar va qo‘shma biznes-forum o‘tkazilishi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Qariyb yettita ikki tomonlama hujjat imzolangani esa tomonlar qo‘shma loyihalarni amaliy bosqichga o‘tkazishga tayyor ekanini tasdiqlaydi.
Chexiya biznes doiralarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani alohida qayd etish lozim. Bu mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash va xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bog‘liq.
Gumanitar va taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalari ham tobora rivojlanmoqda. Chexiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar sonining ortishi, ilmiy va madaniy aloqalarning kengayishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning uzoq muddatli asosini mustahkamlaydi.
Umuman olganda, Andrey Babishning tashrifi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va ikki mamlakat manfaatlari yo‘lida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochib beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi