Logo

Tokioda “O‘zbekiston yapon sayyohlari nigohida” foto-ko‘rgazmasi g‘oliblari taqdirlandi

Fevral 25, 2026. 09:00 • 2 daq

122

TOKIO, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida “O‘zbekiston yapon sayyohlari nigohida” nomli ikkinchi fotosuratlar tanlovi yakuniga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur loyiha O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan taniqli yapon fotosuratchisi Jin Akino, mashhur aktyor va O‘zbekistonning turizm elchisi Keysuke Minami hamda Yaponiyadagi O‘zbekiston madaniyati va turizmi assotsiatsiyasi hamkorligida amalga oshirildi. Tanlovni yuqori saviyada va shaffof o‘tkazish maqsadida maxsus uzbekistan-photo.com portali ishga tushirildi.

2025-yilning avgust–dekabr oylari davomida o‘tkazilgan tanlov yapon jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi. Unda 300 nafarga yaqin ishtirokchi o‘zlarining O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlari davomida muhrlagan 700ga yaqin ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Fotosuratlarda yurtimizning tarixiy obidalari, hunarmandchilik namunalari, milliy taomlari va mahalliy aholi turmush tarzi aks ettirilgan.

Hakamlar hayʼati tomonidan saralab olingan 33 ta eng sara fotosurat shu yilning 20–22-fevral kunlari Tokio shahrida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada namoyish etildi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, Toshkentdagi Chorsu bozorida suratga olingan “Sharq bozori” rasmi “Eng yaxshi fotosurat” nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Qoraqalpog‘iston zaminining sirli go‘zalligini ifoda etgan “Sahrodagi kecha” surati ham eʼtirofga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, “Navro‘z – bahor bayrami” va “Eshik ortidagi moviy dunyo” kabi suratlar Elchixona hamda Turizm elchisining maxsus sovrinlariga loyiq ko‘rildi.

Yaponiyada o‘tkazilgan ushbu foto-tanlov ishtirokchilar va kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu kabi tashabbuslar Yaponiyada O‘zbekiston turizm brendini yanada ommalashtirish va mamlakatimizning go‘zal va betakror go‘shalarini dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish